O’tma nomard ko’prigidan,
Soylar to’lib oqqanda ham,
Joy bermagil uy to’ringdan,
Nomard eshik qoqqanda ham.
Oriyating saqla mudom,
Molu-davlat ketganda ham,
Olmagin nomard degan nom,
Tandin joning chiqqanda ham.
Maslaxatni marddan so’ra,
Ishlaringga gar bitganda ham,
Nojizlarga hamroh bo’lma,
Ummonlarda cho’kkanda ham.
Nokaslardan kutma najod,
Jon bo’g’zinga kelganda ham,
Kutmagil alardin hojat,
Ko’ngling g’amga to’lganda ham.
No do’stlar senga achinmas,
Ingrama dard bukkanda ham,
Uzmagin yerdan oyog’ing,
Boshing ko’kka yetganda ham.
Ochma siring o’zgalarga,
Diling siyoh bo’lganda ham,
Inonma maqtov so’zlarga,
Garchi u xush yoqqanda ham.
O’tma nomard ko’prigidan,
Soylar to’lib oqqanda ham,
Joy bermagil uy to’ringdan,
Nomard eshik qoqqanda ham.