Ki xo’blar xo’bini do’stlar,
Men Andijondin axtarsam.
Makonini aniq bilmam –
Buxoro sorig’a yursam.
Aning oydek jamolini
Ko’rish – yolg’iz mening orzum,
Mashaqqat tog’idan oshib,
Samarqand shahriga borsam.
Magar ulki malak siymo
Parilar naslidan bo’lsa,
Kiyib darvesh kulohin men,
Namangonga borib kelsam.
Go’zal shohim qul izlab
Kirsakim qullar bozoriga,
O’zimni qul qilib, mayli
Qo’qon bozoriga solsam.
Kamon qosh, ohu ko’z birlan
Sehrlabdir mening qalbim,
Fidoyi ishq bo’lib Xiva
Ko’chasida gado bo’lsam.
Agar Farhodu Majnun ham
Jam bo’lsa barcha oshiqlar,
Muhabbatdin saboq aytib,
Go’zal Toshkentda o’ltirsam.
Bobo Rustam, hushing-o’nging
Bilan ezgu duo ayla,
To’yib husnu jamolidin,
Shu Toshkent shahrida qolsam.
Ki xo’blar xo’bini do’stlar,
Men Andijondin axtarsam.
Makonini aniq bilmam –
Buxoro sorig’a yursam.