Sog’insam otajonim ,
Izlayin qayerlardan ?
Sog’insam nur jahonim,
Izlayin qayerlardan?
Hovlimiz sahnasida,
Izlari qolganmikan?
Og’lining oq yuzida,
Islari qolganmikan?
Yo ko’zgu nigohlarida,
Payt poylab turganmikan?
Dasturxon yozilganda,
Ne’matlar to’kiladi.
Termulib o’turarman,
Yuragim eziladi.
Ko’ray deb qaroqlar ham,
Chokidan so’kiladi.
Sog’insam otajonim ,
Izlayin qayerlardan?
Sog’insam nur jahonim,
Izlayin qayerlardan?
Oqsoqol otalarga,
Qush kabi talpinarman.
Ko’rsam gar suratlari,
Suv kabi qalqinarman.
Yig’lamay yashaymanu,
Ammo ko’p sog’inarman,
Sog’insam otajonim ,
Izlayin qayerlardan?
Sog’insam nur jahonim,
Izlayin qayerlardan?
Sog’insam nur jahonim,
Izlayin qayerlardan?
Izlayin qayerlardan?