Rahimova Hosilaxon Ibragimovna 1975-yil 22 aprelda Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi I.Turayev nomli jamoa xoʻjaligi Ilonsoy mahallasida shifokorlar oilasida tavallud topgan. Millati oʻzbek, oilali, uch nafar farzandi bor. U 1982-1992-yillarda Denov tumanidagi Q.Eshmurodova nomli №15-oʻrta maktabda tahsil olgan.
Maktabda oʻqib yurgan kezlari 1986-1990-yillarda Denovdagi Yunus Rajabiy nomli musiqa maktabining rubob sinfini ham tamomlagan. 1990-1996-yillarda Denovdagi “Navnihol” xalq ansambli va tuman madaniyat boʻlimida yakka xonanda sifatida faoliyat koʻrsatgan. 1998-2001-yillarda Toshkent Davlat Madaniyat instituti “Xalq musiqasi” boʻlimini tamomlagan. 2010-yilda mazkur oliygohning magistraturasini tamomlagan.
Hosila Rahimova sanʼatdagi faoliyati davomida shoirlardan U.Azim, S.Toʻychiyeva, M.Toir, H.Shodmon, R.Hotamova kabi shoirlar bilan hamkorlik qilsa, bastakorlardan R.Mahmudov, Iqbol Muhammad, O.Safarov, D.Matkarimov, U.Sharipov, F.Alimardonov, B.Eshmanov, Sh.Mamatqulov bilan ijodiy hamkorlik qilib kelmoqda.
Hosila bugungi kunda unutilayotgan ayol ovozidagi baxshchilik sanʼatini elga tanitayotgan yagona xonandadir.
Ayol nolasi va ovozi bilan uning ijrosidagi baxshichilik yoʻnalishidagi dostonlarni tinglagan xalq koʻz oʻngida qadim tarix gavdalanadi. Toʻmaris va Barchinoy, kashtayu-soʻzana, asoru-atiqa hisoblangan taqinchogʻu-liboslar, ming yillardan sado berguvchi oʻtov va doʻmbira koʻz oʻngiga keladi. U bugungi kunda oʻzbek sanʼatida folklor orqali tarixni jonlantirgan ayol xonandadir.
Hosila Rahimova oʻz faoliyati davomida ajoyib qoʻshiqlari bilan koʻpgina festival va koʻrik tanlovlarda ishtirok etgan va munosib taqdirlangan.
Shuningdek Hosila Rahimova respublikamizda har ikki yilda oʻtkaziladigan “Boysun bahori” folklor festivalida ishtirok etib xalq olqishlariga sazovor boʻlib kelmoqda. Uning milliy etnografik, folklor va estrada yoʻnalishidagi diltortar qoʻshiqlarini elimiz sevib tinglaydi.
Hosila Rahimova oʻzining goʻzal qoʻshiqlari bilan yurtdoshlarimiz dilidan chuqur joy egallagan sanʼatkorlardandir. U oʻz muxlislarini xushnud etish uchun koʻplab yakkaxon konsert dasturlarini havola etgan peshqadam sanʼatkorlardan hisoblanadi.
2003-yil 24-25-may kunlari “Turkiston” saroyida oʻtkazilgan “Sizdan kechib boʻlmaydi” ilk yakkaxon konsert dasturi, 2004-yil 26-27- iyunda muhtasham Xalqlar doʻstligi saroyida boʻlib oʻtgan “Sogʻindim” nomli konsert dasturi, 2006-yil 4-5- mayda Xalqlar doʻstligi saroyida oʻtkazilgan “Men togʻning qizi” nomli . 2008-yil “Yurtimning bahori senmisan”, 2010 yil “Har oʻlanda yurt madhi”, 2012-yil “Ajdodlardan meros bu Vatan”, 2014-yil “Qoʻlda sozim doʻmbiram”, 2016-yil “Elimdan aylanay nomli konsert dasturlari fikrimiz isbotidir.
Hosila Rahimova nafaqat Oʻzbekistonda balki, boshqa turli davlatlarda gastrol safarlarida boʻlib, turli millatlar orasidan ham muxlislar orttirib qaytgan oʻzbek sanʼati vakilasi hisoblanadi. U Rossiya, Shimoliy Koreya, Germaniya, Turkmaniston, Turkiya, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Tojikiston davlatlarida ham konsert dasturlarini havola etgan. 2005-yilda Tojikiston Respublikasining milliy bayramlaridan biri boʻlgan “Sulh” kunida respublika poytaxti Dushanbe shahridagi hashamatli “Kohi Borbod” saroyida 26-27-iyun kunlari boʻlib oʻtgan konsert dasturi va Istanbuldagi Zaytunburun shaharchasida oʻtkazilgan konsertlar, shular jumlasidandir.
Hosila Rahimova sanʼatdagi ijodiy faoliyati davomida “MUVAD” video studiyasi bilan hamkorlikda ishlab bir nechta video, audio, CD, VCD formatdagi kasseta va disklar chiqargan. (2003-yil) “Sizdan kechib boʻlmaydi”, (2004-yil) “Sogʻindim”, (2006-yil) “Men togʻning qizi”, 2008-yil “Yurtimning bahori senmisan”, 2010-yil “Har oʻlanda yurt madhi”, 2012-yil “Ajdodlardan meros bu Vatan”, 2014-yil “Qoʻlda sozim doʻmbiram”, 2016-yil “Elimdan aylanay” nomli mp3 va konsert dasturi video disklarda taqdim etilgan. CD, VCD, video, audio kassetalari (2007-yil) barcha oʻtkazgan konsert dasturlarida ijro etilgan 53 ta qoʻshiq MP3 toʻplam tarzida jamlangan ijod namunalari muxlislar hukmiga havola qilingan va har konsert oʻtkazilgan yil davomida Konsert video va mp3 toʻplamlari muxlislar ommasiga taqdim etilib “Muvad video”, “Ohang media” studiolari orqali chiqarilgan.
Hosila Rahimova tomonidan kuylanayotgan “Biyigul”, “Bayvichcha”, “Men togʻning qizi”, “Rashk, “Koʻnglim”, “Kurash”, “Koʻpkari”, “Hoʻb aytdim”, “Oʻloyin”, “Chanqobuz”, “Alpomish”, “Bilarsan”, “Qizimga”, “Hay-haya”, “Jeydingku”, “Roksana”, “Jonim” va boshqa koʻplab betakror qoʻshiqlari uzoq yillar davomida xalqimizning yaxshi kunlari toʻy-tantanalarda kuylanib, insonlari qalbida yashaydi va ardoqlanadi.